Бош саҳифа > Без рубрики > KITOBXON YETAKCHI TAJRIBASI

KITOBXON YETAKCHI TAJRIBASI

– Rishton tumani tarixiy qadriyatlarni eʼzozlash va zamonaviy tendensiyalarni keng joriy etishga intilayotgan hudud, – deydi Rishton tuman Yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻi Ilyosbek Aminov. – Bu oʻz navbatida yoshlar uchun namuna boʻlishi lozim boʻlgan shaxslar –  yetakchilardan koʻp narsa talab etadi. 71 ta MFYda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining bunga intilishi quvonarli holdir, albatta.

Rishtondagi “Nosgar” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Uygʻunjon Abduhamidov oʻz ustida tinimsiz ishlovchi, yangiliklarga intiluvchi, shu bilan birga, tarixiy hamda milliy anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylashda faollik koʻrsatuvchi yoshlardan. 2022-yil mahallada yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlanishi uning yelkasiga ulkan masʼuliyat, oʻzi amal qiladigan shaxsiy qadriyatlarni yoshlar orasida keng yoyish vazifasini yukladi.

– Yangi tizim ayrimlarda tushunarsiz kayfiyatni hosil qilgan. Biz Prezident jamoasi aʼzosi sifatida oʻzimizni koʻrsatishimiz lozim edi, – deydi u lavozimga kirishgan ilk kunlarni eslab. – Men oʻz oldimga yoshlarni birlashtirishni, ular va kattalar oʻrtasida hurmat asosiga qurilgan koʻprik barpo etishni maqsad qilib oldim.

Yoshlarni birlashtirish beqiyos kuchga ega boʻlishdir. Chunki, ular makon va zamon tanlamas qobiliyatlarga ega. Mahallada istiqomat qilayotgan yashirin isteʼdodlarni yuzaga chiqarish, elga tanitish ham yoshlar yetakchisining bevosita vazifasidir. “Nosgar” mahalla fuqarolar yigʻinida Uygʻunjon Abduhamidov shu tizimni yoʻlga qoʻya oldi. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali ularni turli yot gʻoyalardan himoya qilish mumkinligini erta angladi.

– Oʻzim har hafta yangi kitob oʻqishga intilaman. Yoshlarni ham shunga daʼvat etaman. Qaysidir kitobni topa olmaslik hozir bahona. Chekka hududlarda ham zamonaviy axborot-kutubxona markazlari, mahallalarda kutubxonalar mavjud. Bundan tashqari, tashkilotimiz tomonidan innovatsion loyihalar tinimsiz tatbiq etilmoqda. Birgina “Mutolaa” ilovasi orqali kitobxonlikni yanada rivojlantirishga erisha oldim, – deydi qahramonimiz.

Kitob oʻqigan insondan yomonlik chiqmasligi turgan gap. Kitob yurt uchun, el uchun, Vatan uchun kerakli inson boʻlishni oʻrgatadi. Kitobxonlikni targʻib qiluvchi turli loyihalar, tanlov va festivallar bu borada yuqori ahamiyatga ega. “Nosgar”da ham yetakchi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Faol kitobxon”, “Ajdodlarga munosib avlod” va boshqa loyihalarda yoshlar anchagina faol. Bu Uygʻunjon Abduhamidov misolida butun yoshlar yetakchilari, yoshlar siyosati tizimining faoliyatini koʻrsata olishi insonga mamnuniyat bagʻishlaydi.

 

Ahliddin Tursunov, 

O‘zJOKU 4-bosqich talabasi