OYDINLAR

Vatanimiz tarixida el-yurt ravnaqi yo‘lida jon fido qilgan, qalbi dardu hasrat, orzu va maqsadlar bilan to‘lgan siymolar bor. Ular haqida gap ketganda, birinchi navbatda, jadidlar harakati ko‘z oldimizga keladi. Ular xalq uchun yonib yashagan, zamonasining oldida yurgan, kelajak avlodlar uchun yo‘l ochgan fidoyilar edi. Ular qalamni qurol qildi, ta’limni najot ko‘rdi, sahnani minbarga aylantirdi, kitobni esa millat uyg‘onishining boshlanishi deb bildi. Har safar milliy uyg‘onish, erkin fikr, taraqqiyot haqida so‘z ketganda, biz ularni eslaymiz – jadidlar asl oydinlardir. Chunki ular zulmatdagi yo‘lni yoritgan, ma’rifat nuri bilan millat qalbini uyg‘otgan fidoyilar edi.

XX asr boshlarida yurtimizda yuksalayotgan milliy ong, ozodlikka intilish va ma’rifatga chanqoqlik asosida jadidlar harakati bilan shakllandi. Bu harakat o‘z davri uchun shunchaki islohot emas, balki tub burilish, ma’naviy inqilob bo‘ldi. Behbudiy, Avloniy, Qodiriy, Munavvarqori, Fitrat, Cho‘lpon kabi siymolar bu yo‘lning peshqadamlariga aylanishdi. Ularning yuragida bitta g‘oya bor edi – xalqni uyg‘otish, millatni tiklash, o‘zligini anglatish. Buning uchun ular eng kuchli qurol – ilm va ma’rifatni tanlandi.

Behbudiy “Maktabimiz, do‘konimiz, korxonamiz, madrasamiz va har nimarsamizni zamoncha islohi lozimdur”, degan shior bilan islohotni maktabdan, aniqrog‘i boshlang‘ich maktabdan boshladi. Bu bejiz emas edi. Maktabni “taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur, har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas”, degan aqidani ilgari surgan turkistonlik jadidlar boshlang‘ich ta’limni ona tilida berishga mo‘ljallangan maktablarning umummilliy institutini yaratishga qaratilgan dasturni taklif etdi. U maktablar ochdi, darsliklar yozdi, sahna asarlarini yaratdi. Avloniy Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir deya hayqirib, o‘z umrini o‘qituvchilikka, tarbiyaga bag‘ishladi. Jadidlarning har biri hayotini millat uchun sarfladi, ammo taqdir ularga rahm qilmadi – ular qatl qilindi, surgun etildi, unutilishga mahkum qilindi. Ammo xalq unutmadi. Har bir sahifada, har bir maktabda, har bir o‘zbek tilidagi darslikda ularning ruhi yashaydi. Ularning har bir g‘oyasi bugungi istiqlolga eltgan yo‘lning toshini qo‘ygan. Bugun biz mustaqil yurt farzandlari sifatida erkin fikrlayotgan bo‘lsak, bu erkinlik orqasida jadidlarning teri, ko‘z yoshi va qoni yotibdi.

Jadidlar faqat tarix emas – ular hayot. Ular bizga jasoratni, ilmga ishonchni, xalq oldidagi burchni o‘rgatdi. Ular bizga o‘z millatiga sadoqatli bo‘lish, uni jaholatdan olib chiqish uchun bir umr kurashish kerakligini ko‘rsatdi. Ular bizdan maqtov, faxrlanish emas, davomiylik kutadi. Ularning yuragi bilan yashash, ularning orzusini ro‘yobga chiqarish bugungi yoshlarning eng muqaddas vazifasidir.

Bugun yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim islohotlari, milliy qadriyatlarni tiklash yo‘lidagi harakatlar – bularning barchasi jadidlar orzu qilgan kelajak sari qadamdir. Ularning ruhi shu zaminda yashab turibdi, faqat biz uni eshitishga, his qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Jadidlar hayotini o‘rganish – bu tarixni o‘rganish emas, bu o‘zligimizni anglash demak. Ularning g‘oyalari bizni kurashga, tinimsiz izlanishga, yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi. Har bir yosh, har bir fidoyi yurtdosh o‘z qalbida shuni baralla aytishi lozim: men jadidlarning orzusida yashayapman, men ularning davomchisiman.

Ahliddin Tursunov,

O‘zJOKU 4-bosqich talabasi