Yoshlar har bir jamiyatning makon va zamon tanlamas bebaho kuchi hisoblanadi. Yoshlar bilan ishlash mamlakatning ertangi kunini belgilab berishi ham shundandir. Yurtimizda aynan shu tizim kundan-kun rivoj topib borayotgan sohalardan biriga aylanib bormoqda. Bu esa yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarning har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib yetishishlari uchun ko‘makchidir. Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib,jamiyatda o‘zini ko‘rsata olgan yoshlar ham talaygina. Tumandoshimiz Xurshidbek Tolibjonov ana shunday yoshlardan biri.
Xurshidbek hali 22 ga to‘lib ulgurgani yo‘q, lekin u shu kungacha erishgan yutuqlar havasingizni keltirmay qo‘ymaydi. Tumandagi 40-maktabda umumiy o‘rta ta’limni olib, Respublika miqyosida nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Rishton akademik litseyiga qabul qilindi. Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum , deganlaridek qahramonimiz maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq tirishqoqligi bilan fanlarni puxta o‘zlashtirdi. O‘z oldiga ulkan marralar zabt etishni, yurt kori uchun yaraydigan fuqaro bo‘lib yetishishni niyat qilib qo‘ydi. Bunga erishish uchun shubhasiz, oliy o‘quv yurtiga ham kirish kerak. A’lo o‘qishi bilan tumanga tanilib bo‘lgan Xurshidbekning oldida turli yo‘llar turardi. U Qo‘qon universitetini tanladi va hozirda tanlovda adashmaganligini tushunib yetdi.
-Qo‘qon universiteti hayotimda salmoqli o‘ringa ega. U mening ilmiy faoliyatimni, liderlik ko‘nikmalarimni shakllantirishda ko‘makchi bo‘ldi. Universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari talabalarni har doim tinglashga, qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu esa barcha talabalarni yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi,-deydi qahramonimiz.
Darhaqiqat, u universitetdagi muhit orqali ham yuksaldi. Universitetida iqtidorli va bilimli talabalarni kashf etish, yuqori reyting bahosi bilan tahsil olayotgan, ilmiy izlanishla rolib borayotgan, universitet akademik hayotida alohida faollik ko’rsatayotgan talabalarni rag’batlantirish maqsadida tashkil etilgan “Rektor stipendiyasi” sohibi bo‘ldi. Respublika va xalqaro konferensiyalarda faol ishtiroki, erishgan yutuqlari uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi tanlovlarining g‘olibi bo‘lishga ham olib keldi. Bakalavriatni tamomlashiga oz qolgan Xurshidbek ayni damda ham ilmiy izlanishlar bilan band.
G‘ayratiyu shijoati qaynab turadigan yosh talaba ijtimoiy faollikni ham qo‘ldan boy bermay kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Kelajak liderlari-2021” klubiga qabul qilindi. Bu orqali u viloyatning eng faol, yurt kelajagini barpo eta oladigan 50 ta yoshlaridan biri ekanligini isbotladi. Turli tanlovlar, musobaqalarda doimiy ishtiroki va g‘alabalari uni elga tanitdi.
Amallar niyatlarga bog‘liq bo‘ladi deyishadi, o‘z maqsadlariga qadamba-qadam erishib borayotgan qahramonimizga hech qachon bo‘sh kelmasligini, yanada yuksak marralar zabt etishini tilab qolamiz. Biz siz bilan faxrlanamiz!
Ahliddin Tursunov,
Kozimjon To‘xtasinov