U.Ergashev o‘z so‘zida Qonun faqat uni huquqiy jihatdan bevosita tatbiq etuvchilargagina emas, shu bilan birga, mamlakatimiz aholisiga ham tushunarli bo‘lib, ular tomonidan idrok etilsagina, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi o‘zaro huquqiy munosabatlarning keng amaliyotiga kirib borsagina samarali bo‘ladi. Shu bilan birga, tajribalarning ko‘rsatishicha, yangi qonunni ommaviy ravishda egallash uchun muayyan vaqt talab qilinadi. Mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jamiyat huquqiy ongining mukammal darajada bo‘lishini talab qilmoqda.
Huquqiy ong — bu shaxsning ongiga, jamiyat g‘oyalariga singib boruvchi huquqdir. Huquqqa va qonuniylikka nisbatan ma’naviyatning e’tiqod, tasavvurlar, baholar, his-tuyg‘ular va boshqa tarkibiy qismlari tizimi hisoblanadi. U davlat
va jamiyat tomonidan tartibga soluvchi ta’sir ko‘rsatishga eng kam darajada duchor bo‘ladi. Yangi qonunni tezlik bilan qabul qilish, davlat organini tashkil etish mumkin, lekin insonning huquqiy ongini tezda o‘zgartirib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida 1994-yil qabul qilinib, 1995-yildan kuchga kirgan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks” ham jamiyatning huquqiy ongini, ularning qonunlarga rioya qilishga xizmat qilib kelmoqda.
Ma’muriy huquqbuzarlik iborasiga to‘xtaladigan bo‘lsak. Avvalo, qonunchilikka binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik ma’muriy huquqbuzarlik deb tushuniladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning javobgarligi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”da belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, jarima, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish, ma’muriy qamoqqa olish, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazo turlari mavjud.
Ma’muriy jazo shaxsga nisbatan qo‘llanilganda, avvalo, uning maqsadi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o‘zi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish uchun qo‘llanilishini bilishimiz kerak.
Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning javobgarligi doirasida ularga nisbatan majburlov choralari ham qo‘llaniladi.
Xususan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llaniladi.
Ushbu tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi.
Bundan tashqari, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanishi belgilab o‘tilgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs qonunda belgilangan tartiblarda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Ushbu huquqbuzarliklar o‘zining kam ahamiyatligi jihatidan jinoiy javobgarlikdan farq qiladi deya uchrashuv ishtirokchilariga atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdi.