Бош саҳифа > Без рубрики > “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1014-sonli Qonunining mazmun-mohiyati

“Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1014-sonli Qonunining mazmun-mohiyati

 Soliq yukini izchil ravishda pasaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, shuningdek soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning eng muhim shartlaridir.

Shu bilan birga bozor islohotlarini yanada jadallashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida kelib tushgan takliflar va tashabbuslarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining bitimlariga muvofiqlashtirish, shuningdek energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash hisobidan hududlarda energiya tanqisligini bartaraf etishga doir ishlarni bundan buyon ham amalga oshirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaning qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishini, shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar miqdorida hisoblash tartibi bekor qilinishini, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirilishini, shuningdek soliq to‘lovchilar bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish majburiyatidan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun bilan mobil aloqa xizmatlarining aksiz solig‘ini solishdan ozod etilishi, noshirlik-matbaa faoliyati, axborot texnologiyalari, ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini tadbirkorlarga ishga joylashtirish, yoshlarni avtomobil yo‘llaridagi ko‘chma savdo ob’ektlari orqali tovarlarni realizatsiya qilishga jalb etish, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kam ta’minlangan oila a’zolarini ishga qabul qilish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etilishi, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari berilishi ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari tamaki va alkogol mahsulotlari, neft mahsulotlari hamda aksiz to‘lanadigan boshqa tovarlar uchun soliq stavkalari, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgartirilmoqda. Shuningdek tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlarni qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan stavkalari, soliq stavkasi bo‘yicha soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi normalar bekor qilinmoqda.

Shuningdek mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga budjet tizimi budjetlari daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan budjet tizimi budjetlariga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining
1-yanvaridan e’tiboran amalga kiritilishi to‘g‘risidagi qoidani belgilovchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Bundan tashqari mazkur Qonun bilan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq imtiyozlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat budjetini tayyorlashda nazarda tutilgan soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini tayyorlashda nazarda tutilgan zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratilishiga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining keng joriy etilishiga hamda ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarining qurilishi rag‘batlantirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

 

Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

U.Ergashev