Бош саҳифа > Без рубрики > Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqlari

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqlari

O‘zbekiston Ryespublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni 42-43-moddalariga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxs odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda, syexlarda va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Mehnat munosabatlarining barcha shakllariga nisbatan, shu jumladan ishga qabul qilish shartlariga, ishga yollashga, mehnat faoliyatini amalga oshirishga, ishni saqlab qolishga, xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishga, shuningdek xavfsiz mehnat sharoitlari ta’minlanishiga nisbatan nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish taqiqlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi va ta’tillarda bo‘lishi davrida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot to‘liq tugatilgan hollar mustasno.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tungi vaqtda ishga, shuningdek ishdan tashqari vaqtdagi ishlarga va dam olish kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan ishlovchi shaxslarga nisbatan mehnatga haq to‘lash miqdori kamaytirilmagan holda qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlash, shuningdek mehnat bozorida ularning raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida:

nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy reabilitatsiya qilishni amalga oshiradi, ularni mehnatda kuzatib boradi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning mos keladigan ishga kirishini, saqlab qolinishini va xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilinishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga rag‘batlantiradi, shuningdek ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

ixtisoslashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi kasblarga o‘qitish o‘quv dasturlari tashkil etilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat sektoriga ishga joylashtirilishini va bandligi rag‘batlantirilishi hamda rivojlantirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan, shu jumladan ularning kasanachiligidan foydalanuvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy mehnat organlari tomonidan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni yigirma nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda xodimlar umumiy sonining kamida uch foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hamda mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar va ish o‘rinlari tashkil etiladi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar shart-sharoitlari o‘z imkoniyatlariga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

 

Rishton tuman adliya bo‘limi

Inson huquqlarini himoya qilish va

huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish

bo‘linmasi  bosh maslahatchisi

Sh.Sobirov