Бош саҳифа > Без рубрики > Sudgacha majlis o‘tkazish tartibi

Sudgacha majlis o‘tkazish tartibi

Sudya sudgacha majlis o‘tkazilgan hollarda da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Ishni sud muhokamasiga tayyorlash bo‘yicha harakatlar da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimda bayon etilishi mumkin, bundan ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida sudgacha majlis o‘tkazish hollari mustasno.

Ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar mustasno, da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida IPKda belgilangan tartibda sudgacha majlis o‘tkazishi mumkin.

Sudgacha majlis o‘tkazish chog‘ida sudya: da’vogarni o‘zi arz qilgan talablarning mohiyati bo‘yicha so‘roq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur bo‘lsa, da’vogarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi; ishning holatlari bo‘yicha javobgarni so‘roq qiladi, da’vogarning talablariga qarshi uning qanday e’tirozlari borligini va bu e’tirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga da’vogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qo‘zg‘atish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi, javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar bo‘yicha ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi; taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi; ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud bo‘lganda ularning ro‘yxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi; sud majlisida hozir bo‘lgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular o‘rtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi bo‘yicha kelishuv, IPKning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.

Sudgacha majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni ta’minlaydigan sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

Sudgacha majlis o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: sudgacha majlis o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar.

Taraflar kelmagan taqdirda, sudya IPK 163-moddasining birinchi

va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.

IPKda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilishi mumkin.

Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi U.Ergashev