Бош саҳифа > Туман янгиликлари > «Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda» shiori ostida bayram tantanalari

«Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda» shiori ostida bayram tantanalari

Rishton tumani «Istiqbol» va «Ar Roshidoniy» mahalla fuqarolar yig‘inlarida «Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy bayram tantanalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ushbu bayram millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib, mahalla aholisini bir maqsad yo‘lida birlashtirdi.

Ko‘p millatli aholimiz ahil-inoq yashab kelayotgan ushbu hududda bayram tadbirlari tantanali tarzda tashkil etilib, unda tuman va mahalladagi faollar, jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda mahalla yoshlari ishtirok etdi. Bayram shukuhi har bir ishtirokchining yuzida aks etib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Tadbir doirasida kitoblar yarmarkasi, milliy liboslar ko‘rgazmasi, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan betakror mahsulotlar namoyish etildi. Shuningdek, milliy taomlar tayyorlanib, mehmonlarga tarqatildi. Ushbu tadbirlar xalqimizga xos mehmondo‘stlik, saxovat va mehr-oqibat an’analarini yana bir bor namoyon etdi.

Mahalla yoshlari tomonidan milliylikni tarannum etuvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashildi. Bayram dasturlari orqali yosh avlodda milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmat va mehr-muhabbat tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.

Bu kabi bayram tadbirlari millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla hududida turli millat vakillari o‘zaro ahil-inoq yashab, yagona Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilmoqda. Ushbu bayram esa do‘stlik va birdamlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Mohinur ANVARBEKOVA,

O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti

2-bosqich talabasi