- Qarorga muvofiq, 2023-yilda:
Muhtoj shaxslar zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan va I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul taʼminlanadi.
2023-yil 1-sentyabrdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlashda tibbiy xulosa talab qilinmaydi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi va mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi.
2023-yil 1-maydan shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi mavjud bo‘lgan bolaga gʻamxoʻrlik qilayotgan shaxslarga:
• bolaning yonida boʻlish uchun sharoit yaratiladi;
• mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.
Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari bolani nogironligi bo‘lgan bola deb xulosaga kelsa ularga pensiya tayinlashda qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish bekor qilinadi.
“Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam berish uchun alohida murojaat boʻlimi yaratiladi.
2023-yil 1-iyungacha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchilarga berilgan imtiyozlarning yagona roʻyxati shakllantiriladi va ushbu roʻyxat “Advice.uz” huquqiy portaliga joylashtiriladi.
2023/2024 oʻquv yilidan “Maxsus pedagogika, defektologiya” yoʻnalishida magistratura uchun toʻliq davlat granti beriladi. Abituriyentlar uchun moʻljallangan qabul tartibiga oid maʼlumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda boʻladi. Bunda videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi.
Oʻqiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga taʼlim jarayonida koʻmaklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga boʻlish uchun sharoit yaratiladi.
Joriy yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar markazlari robotlashtirilgan lokomat majmuasi va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan taʼminlanadi.
Rishton tumani Adliya bo’limi Yuridik xizmat kursatish markazi boshlig’I
Dadabayev Odiljon Azimjonovich