O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasida azaldan shakllangan do‘stlik va o‘zaro hurmat muhim ahamiyatga ega. Ushbu ikki xalqning o‘xshash jihatlari, mehnatsevarligi, boy tarixi va go‘zal tabiati ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. O‘zbekistonning vohadan vodiygacha uzalan tog‘lari va to‘rt fasl mujassam tabiati mashhur bo‘lsa, shu bilan birga, Gruziyaning so‘lim manzaralari, xususan, Borjomi vodiysining shifobaxsh suvlari, ikki xalq uchun ham qadrli boylik hisoblanadi. Bu tabiiy in’omlar xalqning hayotidagi muhim o‘rin tutadi va ularni birlashtiruvchi kuch sifatida xizmat qiladi.
Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning asarlarida o‘zbek xalqini e’zozlash bilan birga, gruzin millatini ham qahramon sifatida ko‘rsatishi bejiz emas. U o‘z asarlarida vatanparvarlik va mardlikni tarannum etish orqali, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni yuksaltiradi. “O‘z xalqini o‘z xalqidek e’zozlab, yuksaklarga ko‘targan” so‘zlari aynan Aytmatovning gruzin qahramonlariga, ularning yurtiga bo‘lgan fidoyiligi va jasoratini tasvirlashga qaratilgani bejis emas. Gruziya xalqi, o‘z tarixida ko‘plab jangovar va siyosiy sinovlardan o‘tgan, lekin doimo o‘z yurtining himoyachisi bo‘lgan xalqdir. Adibning gruzin qahramonlarini tanlashi, bu xalqning o‘z yurti uchun qilgan fidokorona xizmatlarini yuksaltirishni anglatadi.
O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik iqtisodiy va madaniy aloqalar orqali yanada kuchaymoqda. Bugungi kunda, o‘zbek va gruzin xalqlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinishlar rivojlanib, taraqqiy etmoqda. O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, “Lazgi”, “Baxshi sanʼati”, “Hunarmand”, “Maqom” festivallari, gruzin vakillarining faol ishtiroki bilan boyitilmoqda. Bu festivallarda gruzin san’atkorlarining qatnashishi, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy almashinuvi va hamkorlikni yanada kuchaytiradi. Shuningdek, ushbu tadbirlar orqali o‘zaro tajriba almashish, san’at va madaniyatni rivojlantirish imkoniyatlari yaratiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Madaniyat vazirligining delegatsiyasi 2024-yil 9-12 iyul kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishi, madaniy aloqalar rivojlanishi fikrimizning yana bir dalilidir. Bu kabi tadbirlar orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi va san’atini tanitish, gruzin xalqiga o‘z madaniyatini taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Bu borada yana bir muhim jihatni ta’kidlash zarur, Madaniyat vazirligining Madaniyat.uz rasmiy saytida qo‘shma filmlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq istiqbollar haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu maqsadga erishish uchun bir nechta asosiy yo‘nalishlar belgilangan:
Birinchidan, kino sanoatida hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma filmlar ishlab chiqarish masalasi muhokama qilingan. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi san’at va madaniyat almashinuvini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, madaniyat va san’at festivallarida muntazam ishtirok etish davom ettirilishi rejalashtirilgan. Bunday tadbirlar ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni oshirishga imkon yaratadi.
Uchinchidan, O‘zbekiston va Gruziya filarmoniyalari o‘rtasida madaniy hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali musiqiy san’atni rivojlantirish, san’atkorlar o‘rtasidagi tajriba almashish imkoniyatlari yanada kengayadi.
To‘rtinchidan, ijodiy jamoalar o‘rtasida tajriba almashish dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu, san’atkorlar va ijodkorlarga o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashish, yangi ijodiy g‘oyalar bilan boyish imkonini beradi.
Beshinchidan, madaniyat sohasidagi oliy o‘quv yurtlari, teatrlar, musiqa maktablari va madaniyat markazlarida mahorat darslarini tashkil etish uchun o‘qituvchilar va rassomlar o‘rtasida tajriba almashish rejalashtirilgan. Bu, yosh ijodkorlarni tarbiyalash va ularning san’atchilik mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda yana bir qiziqarli nuqta mavjudki, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumining ahamiyati katta. Bu memorandumning imzolanishi kutubxona va fond ishlarini takomillashtirish, tajriba almashish va milliy merosni chuqurroq o‘rganish imkoniyatlarini yaratadi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu uchrashuvda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Alisher Navoiy asarining Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazida saqlanayotgan qo‘lyozmalaridan fotonusxalar taqdim etildi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda yangi qadam bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda har yili Gruziya madaniyati kunlari o‘tkazilib, gruzin xalqining kino, tasviriy san’at va boshqa ko‘plab sohalardagi yangiliklari yurtdoshlarimizga tanishtiriladi.
Shu nuqtada, o‘zbek va gruzin adabiyoti o‘rtasidagi o‘xshashlikni ta’kidlash lozim. O‘zbek adabiyoti bilan bir qatorda, gruzin adabiyoti ham boy va qadimiy tarixga ega. Gruzin yozuvchilari S. Chikovani, G. Mdivani, I. Chavchavadze, I. Abashidze kabi ijodkorlarning poetik va dramatik asarlari o‘zbek kitobxonlariga Mirtemir, M. Shayxzoda, R. Bobojon va Uyg‘un, kabi tarjimonlar orqali tanitilgan. Shuningdek, Gruziyada ham Oybek, Abdulla Qahhor, Sharof Rashidovning povest va romanlari, shuningdek, o‘zbek shoirlari Zulfiya, Nodirabegim, Mirtemir, Asqad Muxtor, Hamid Olimjon va Mirmuhsin kabi ijodkorlarning poetik asarlari tarjima qilinib, keng nashr etilayotgani quvonarli.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni qayd etish kerakki, bu kabi madaniy almashinuvlar nafaqat ikki davlatning madaniy merosini o‘rganishga, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga yordam beradi. Tarjimalar va madaniyat festivallari orqali amalga oshirilayotgan bu hamkorlik, o‘zaro yaxshiroq tushunish va hurmatni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
Bu jarayonlarning barchasi, ikki mamlakat o‘rtasida san’at va madaniyat sohasida yangi imkoniyatlarni ochib berayotgani bilan ahamiyatli. Bunday tashabbuslar ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada boyitib, ulkan san’at merosini yangi avlodlarga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi.
Ziyodullayeva Xumora Ilhom qizi,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakultetining
“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqlar”
yo‘nalishining 4-bosqich talabasi